“Kitob bizni birlashtiradi” mavzusida o‘tkazilgan kitobxonlar bayrami

174

Davlatimiz rahbarining kitob ishlab chiqarish va kitobxonlik madaniyatini yanada yaxshilash masalasiga kuyunchaklik bilan yondashayotganida teran ma’no, ezgu maqsad mujassam. Chunki kitob nafaqat bilim manbai, balki tafakkur qayrog‘i, aql chirog‘i, ko‘ngil tabibi, ruhiyat ozig‘idir.

2020 yil 24 dekabr kuni Navoiy viloyati Qiziltepa tumani 4-umumta’lim maktabida viloyat bolalar kutubxonasi bilan hamkorlikda Yoshlar festivali doirasida “Kitob bizni birlashtiradi” mavzusida kitobxonlar bayrami tashkil etildi.

Tadbirda Navoiy kitob savdo MChJ tomonidan kitob savdosi tashkil etildi. Tadbirni viloyat Bolalar kutubxonasi direktori Rizayeva Ra’no Barnoyevna kirish so‘zi bilan ochib, mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog‘ini oshirishda adib va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritdi. Qiziltepa tuman Xalq ta’limi mudiri O‘lmas Istamov kitob nafaqat ziyo maskanlarini yorituvchi nur, balki insonlarni kamolot sari yetaklovchi muhim ma’naviy xazina ekanligi, ma’naviy ozuqa berishi, kelajakka aniq maqsadlar bilan odimlashga mustahkam pilla poya vazifasini bajarishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Qiziltepa tuman “G‘oyibon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qutliddin Haydarov o‘quvchi yoshlarning intellektual va ma’naviy-estetik ehtiyojini qondirish, xususan, yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar va ma’nan barkamol insonlar qilib tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyosligi to‘g‘risida so‘z yuritib, shunday tadbirlar yanada ko‘proq tashkil etilishi taklifini bildirdi.

 Qiziltepa tuman 4-umumta’lim maktab o‘quvchilari ishtirokida “Abulfayzxon” dramasidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. 

Shundan so‘ng viloyat Bolalr kutubxonasi xodimlari tomonidan “Tulki, echki va qarga” ertagi asosida qo‘g‘ichoq teatri hamda buyuk siymo Alisher Navoiy qalamiga mansub besh asarni o‘z ichiga olgan “Xamsa” dostoni qahramonlari gavdalantirildi. Sahna ko‘rinishi tadbir ishtirokchilariga  ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Viloyat Bolalar xodimlari tomonidan Qiziltepa tuman maktab kutubxonachilariga “Kutubxonachilik mahorat maktabi” mavzusida o‘quv seminar treningi tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida “Kitob bizni birlashtiradi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Qiziltepa tuman 4-umumta’lim maktab jamoasi,hamkor tashkilotlar viloyat Xalq Ta’limi boshqarmasining TAShAKKURNOMASI bilan taqdirlandilar.  Tadbir ko‘tarinki ruhda yakunlandi.

Comments are closed.