MADANIY-OMMAVIY TADBIRLAR BO‘LIMI
BO’LIMNING ASOSIY VAZIFALARI
– madaniy-ommaviy tadbirlar (ko‘rik-tanlovlar, ommaviy va ko‘ngilochar o‘yinlar, dam olish kechalari, turli muhim sanalarga bag‘ishlangan bayramlar, musobaqalar va boshqa tadbirlar)ni tashkil etish;
– o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, milliy an’analar va xalqimizning urf-odatlariga, buyuk olimlar, san’at, madaniyat va sport ustalariga hurmat, sodiqlik va faxrlanish tuyg‘usida tarbiyalash;
– kutubxona xodimlari bilan birgalikda g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarni, sport-ommaviy va madaniy tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish;
– ta’lim muassasalari, tegishli manfaatdor tashkilot, idoralar bilan hamkorlikda shaxsni kamol toptirishga qaratilgan o‘quv-tarbiyaviy yo‘nalishdagi turli tadbirlarni tashkil etish.
Madaniy tadbirlar kishilarning ishdan bo‘sh vaqtida ularga kerakli axborotlar berish, badiiy-estetik zavqlantirish, madaniy-ijodiy ishga jalb qilish hamda ularning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun yordam beradi. Bu tadbirlar, asosan, badiiy kompozitsiyalar, teatrlashtirilgan kontsert va tomoshalar, xalq an’analari, ommaviy bayramlar va sayllar kabi shakllardan tashkil topadi. Badiiy-ommaviy tadbirlar o‘z ichiga madaniy-ma’rifiy muassasalarning asosiy va ko‘p shakllarini qamrab oladi.
Madaniy tadbirlarning eng afzallik tomoni shundaki, ular o‘zida madaniy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini ko‘proq mujassamlashtiradi. Jumladan, havaskorlik ijodi, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil qilish kabi faoliyatlar birlashib ketadi. Badiiy-ommaviy tadbirlarning har bir shakli (ommaviy bayramlar, an’anaviy marosimlar, teatrlashtirilgan tomoshalar, har xil kechalar, namoyishlar)ga murojaat etsak, ularda agitatsiya-propaganda xarakteridagi mazmunni, havaskorlik ijodining natijalarini, badiiy-estetik zavqlanish va hordiq chiqarish uchun yaratilgan qulayliklarni yaqqol sezish mumkin. Shu sababli, badiiy-ommaviy tadbir madaniy-ma’rifiy muassasalardagi barcha faoliyatning umumlashtirilgan ko‘zgusidir.