Ayol mehr-shafqat va sadoqat timsoli

Ayol azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli bo‘lib kelgan. Ayol deganda ko‘z o‘ngimizda avvalo, ulug‘ va tabarruk ona siymosi gavdalanadi. Inson zoti borki, olamdagi barcha yaxshiliklar va ezguliklarni, hayot siru-asrorlari va saboqlarini onaning mehru-saxovati tufayli o‘rganadi.
Shu kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab 8-mart – Xotin-qizlar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan 2022-yil 4-mart kuni Navoiy viloyati Bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Karmana tumani Madaniyat bo‘limi, “Karmana ovozi” gazetasi hamda Karmana tumani XTBga qarashli 2-15-28-maktablar hamkorligida “Ayol ezgulik timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi bosh mutaxassisi Feruza Baqoyeva, Karmana tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktab psixologi Yaxyoyeva Mohichehra, Karmana tumani 28-umumiy o‘rta ta’lim maktab kutubxonachisi Shaxnoza Xamrayeva hamda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dildora Qo‘ldoshevalar ishtirok etdi.
O‘quvchilar bahor, ona va ayolni madh etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar, raqslar bilan yig‘ilganlarga bahoriy kayfiyat ulashdi hamda Karmana tumani 28-umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari ifro etgan sahna ko‘rinishi mehmonlarga manzur bo‘ldi. Tadbir davomida viloyat Bolalar kutubxonasi xodimlari tomonidan tayyorlangan ayollarning jamiyatdagi va oiladagi o‘rnini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi. Tadbirda 50 dan ortiq foydalanuvchi ishtirok etdi.